O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi tezlashdi. Bunga oziq-ovqat narxining o‘sishi sabab bo‘lgan

  • 16:46 / 10.06.2021
  • 86

Markaziy bank Boshqaruvining 2021-yil 10-iyunda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan Press-relizini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, 2021-yilning may oyida yillik inflyatsiya darajasi 10,9 foizni tashkil etib, aprel (10,7 foiz) oyiga nisbatan biroz tezlashdi. Bunda, oziq-ovqat tovarlari guruhida narxlar o‘sishining aprel oyidagi 13,6 foizdan 14,4 foizgacha tezlashishi inflyatsiyani oshiruvchi asosiy omillardan bo‘ldi.

Mazkur guruhdagi tovarlar narxlari o‘zgarishiga, bir tomondan, jahon bozorida o‘simlik yog‘i, shakar va go‘sht mahsulotlari narxlarining sezilarli darajada oshishi sabab bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, qish-bahor mavsumida kuzatilgan o‘zgaruvchan ob-havo sharoitlarida meva va sabzavotlar hosilining kechikishi hamda avvalgi yillarga nisbatan kam bo‘lishi kutilayotganligi ta’sir ko‘rsatdi. 

Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari va xizmatlar tariflarining yillik o‘sishi umumiy inflyatsiyaga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatib, joriy yil may oyida mos ravishda 8,2 va 8,5 foizni tashkil etdi.

Mavsumiy omillar ta’sirchanligi yuqori bo‘lgan meva-sabzovatlar va tartibga solinadigan narxlar chiqarib tashlab hisoblangan bazaviy inflyatsiya darajasi yil boshidan (12,1 foiz) bosqichma-bosqich pasayib kelib, may oyida yillik 10,9 foizni tashkil etdi va umumiy inflyatsiya sur’atlari bilan tenglashdi.