O‘zbekistonda masjidlarni “onlayn” ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi joriy qilinishi mumkin

  • 09:43 / 06.05.2021
  • 104

Diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish elektron tizim orqali amalga oshirilishi belgilanmoqda. Bu boradagi yangi tartib kecha, 5-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokamasi bo‘lib o‘tgan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririda o‘z aksini topmoqda.

Shuningdek, Hujjat loyihasida qayta tashkil etish yo‘li bilan tuzilgan diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish masalasiga aniqlik kiritilib, uni amalga oshirishning tartib-taomillari aniq belgilab berilmoqda.

Shu bilan birga, diniy tashkilotni ro‘yxatga olish uchun murojaat – u olingan kundan e’tiboran bir oy muddat ichida, diniy tashkilotni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun murojaat – u olingan kundan e’tiboran o‘n besh kunlik muddat ichida ko‘rib chiqilishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, amaldagi qonunda diniy tashkilotni ro‘yxatga olishni rad etish havolaki norma asosida belgilangan bo‘lsa, yangi qonunda ro‘yxatga olishni rad etish asoslari aniq sanab o‘tilgan.

Ta’kidlanishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar sohasidagi munosabatlarni tartibga solinishini yanada takomillashtiradi va diniy tashkilotlarni tuzish hamda ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha normalar soddalashtiriladi.

Mazkur Qonun loyihasi deputatlar tomonidan  qabul qilindi.