O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari qiymati 440 ming so‘m miqdorida belgilandi

  • 12:39 / 31.05.2021
  • 169

O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlarining miqdori, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 440 ming so‘m miqdorida belgilandi. Bu haqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Axborot xizmati ma’lum qildi.

Vazirlikka ko‘ra, mazkur ko‘rsatkichni hisoblashda: 
–  davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash uchun mo‘ljal ko‘rsatkichni joriy etish;
–  minimal iste’mol xarajatlaridan kambag‘allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste’mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;
–  kambag‘alikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzililigini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish kabilar maqsad qilib olingan.

Ushbu maqsadlardan kelib chiqib, minimal iste’mol xarajatlarini hisoblash uchun tajriba sifatida Jahon banki ko‘magida 2020-yilda respublikaning barcha hududlaridan tanlab olingan 5 400 ta uy xo‘jaliklarida so‘rovnoma o‘tkazilgan.

Bunda so‘rovnomada ishtirok etgan uy xo‘jaliklari xarajatlari miqdori bo‘yicha o‘nta guruhga ajratilib, ushbu oilalar orasidan eng kam xarajat (daromad)ga ega bo‘lgan 30 foiz uy xo‘jaliklari ajratib olingan.

“So‘rovnoma natijasida olingan ma’lumotlar asosida mazkur oilalarda jon boshiga kunlik iste’mol qilinadigan oziq-ovqat (2200 kkal) va zarur bo‘lgan nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar uchun minimal iste’mol xarajatlar bir oyda kishi boshiga (joriy yildagi narxlar o‘zgarishini inobatga olgan holda) kamida 440 ming so‘mni tashkil etishi hisob-kitob qilindi”, – deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, hisoblangan minimal iste’mol xarajatlarining jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulotga nisbati (YAIM) 26,8 foiz bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich rivojlanayotgan mamlakatlarda asosan 4-20 foizni tashkil etadi.

Minimal iste’mol xarajatlarini hisoblash tajribasini yakuniga yetkazish maqsadida 2021-yilda Davlat statistika qo‘mitasi Jahon banki bilan birga 10 mingta uy xo‘jaliklarida so‘rovnoma o‘tkazilmoqda. Mazkur so‘rovnomalar natijasidan kelib chiqib, joriy yil yakuniga qadar minimal iste’mol xarajatlarni hisoblash metodologiyasini tasdiqlash va uni qayta hisoblangan miqdorini e’lon qilish ko‘zda tutilmoqda.