O‘zbekistonda parrandachilikni rivojlantirish uchun $85 mln. ajratiladi

  • 09:09 / 16.06.2021
  • 159

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan parrandachilik loyihalarini moliyalashtirish uchun 85 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ “Mikrokreditbank” ATBga yo‘naltiriladi

Bu Prezidentning joriy yil 15-iyundagi “Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilab qo‘yildi.

Bunda:
–  1-bosqichda – 50 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar 2021-yil 1-iyulga qadar, shundan 15 million AQSh dollari “Mikrokreditbank” ATBning ustav kapitalini oshirish uchun;
–  2-bosqichda – 35 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar, 1-bosqich mablag‘larining ishlatilishi samaradorligini baholash natijalari bo‘yicha Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish Respublika kengashining qaroriga asosan yo‘naltiriladi.

Mazkur mablag‘larning 70 million AQSh dollari ekvivalentidagi qismi tadbirkorlik sub’yektlariga Markaziy bank asosiy stavkasida kreditlar berish uchun “Mikrokreditbank” ATBga 7 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foiz punktdan past foiz stavkada ajratiladi.

Belgilanishicha, “Mikrokreditbank” ATBga yo‘naltiriladigan maqsadli mablag‘lar quyidagilarni moliyalashtirish uchun ajratiladi:
–  bug‘doy, makkajo‘xori, soya doni va shroti, kungaboqar shroti kabi ozuqa-yem mahsulotlarini eng arzon bo‘lgan yig‘im-terim davrlarida zaxira qilish;
–  parrandachilik xo‘jaliklari va ozuqa-yem mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda mavjud quvvatlarni to‘liq ishga tushirish uchun 24 oygacha bo‘lgan muddatga aylanma mablag‘ ajratish va modernizasiya qilish;

“Mikrokreditbank” ATBga yo‘naltiriladigan maqsadli mablag‘lar hisobiga boshqa tijorat banklari orqali tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan kreditlar ham moliyalashtirilishi mumkin.