O‘zbekistonda suyultirilgan gaz savdosining 56 foiz ulushi “Lukoil” hissasiga to‘g‘ri kelmoqda

  • 09:08 / 02.07.2021
  • 216

O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi  2021-yil 1-yanvar – 25-iyun davri mobaynida birja savdo platformasi ko‘rsatkichlari haqidagi ma’lumotnomasini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, hisobot davrida birja savdolari orqali 67,5 ming tonnadan ziyod suyultirilgan gaz sotilgan va bu 2020-yilning mos davriga nisbatan 23,3 foizga kamdir. 

Ko‘rib chiqilayotgan davrda o‘rtacha oylik hajmlar 11,3 ming tonnani tashkil etgan. 


“Bu yerda mazkur tovarni birja savdolariga qo‘yilishi va sotilishi hajmlarining pasayishi kuzatilmoqda. Ko‘rib chiqilayotgan davrda hajmlarning pasayishiga qaramay, LUKOIL Overseas Supply and Trading Ltd kompaniyasi (Rossiya)ning ulushi 2020-yilga nisbatan 48 foizdan 56 foizgacha o‘sdi. Pasayish boshqa zavodlar bo‘yicha ham kuzatilmoqda. Ikkinchi o‘rinni “O‘zbekneftegaz”AJ va uning tarkibiga kiruvchi, suyultirilgan gaz sotuvchi boshqa korxonalar egalladi hamda ularning umumiy ulushi 23 foizni tashkil etdi. Keyingi o‘rinni 11 foiz ulush bilan “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ egallab turibdi. "JIZZAKH PETROLEUM" MChJ QKning ulushi 7 foizni, Buxoro neftni qayta ishlash zavodining ulushi esa 3 foizni tashkil etgan”, – deyiladi O‘zRTXB ma’lumotida. 

Qayd etilishicha, o‘tgan yil boshlaridan narxlarning biroz o‘zgaruvchanligi kuzatilgan. Xususan, 2020-yil yanvaridan martgacha o‘rtacha narxlar gazning bir tonnasi uchun 2,4 mln. so‘mdan 3,4 mln. so‘mgacha ko‘tarilgan edi. Biroq, 2021-yilning 1-choragida qo‘yilgan hajmlarning pasayishiga qaramay, o‘rtacha narxlar bir tonna uchun 3 mln. so‘m atrofida saqlanib qoldi. 

Joriy yilning aprel oyidan boshlab narxlar bir tonna uchun 4,2 mln. so‘mdan, iyunda esa 4,9 mln. so‘mgacha ko‘tarila boshladi. 

Suyultirilgan gazni iste’mol qilish tarkibi bo‘yicha esa Samarqand viloyati gazni sotib olishda yetakchilar qatorida bo‘ldi. Mazkur viloyat xaridorlarining ulushi 42 foizni tashkil etdi. Yetakchilar uchtaligiga shuningdek, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari kirdi, ularning ulushlari 17 foiz va 11 foizni tashkil etgan. Boshqa hududlarning ulushlari 6 foizdan kamroqni tashkil qildi. 

Eslatib o‘tamiz, birjada suyultirilgan gaz xaridorlari avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari hisoblanadi.