O‘zbekistonda Tojikistondagi Sarez ko‘li dambasi yorilganda aholini evakuatsiya qilishga oid o‘quv mashqlari o‘tkaziladi

  • 16:41 / 15.05.2021
  • 135

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida Tojikistondagi Sarez ko‘li dambasi yorilib, suv bosish xavfi yuzaga kelganda, aholini evakuatsiya qilish tadbirlari bo‘yicha o‘quv mashqlari o‘tkaziladi. Bu haqda Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Sarez ko‘li dambasining yorilishi natijasida suv toshqini xavfi yuzaga kelganda aholini shartli evakuatsiya qilish bo‘yicha o‘quv mashqlari joriy yilning 19–21-may kunlari bo‘lib o‘tadi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo va Buxoro viloyatlari boshqaruv organlari va FVDT quyi tizimlari xizmatlarining Sarez ko‘li dambasi yorilishi natijasida suv bosish xavfi yuzaga kelganda aholini shartli evakuatsiya qilish tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha respublika miqyosidagi maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

“Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Matbuot xizmati mazkur tadbirlarni yoritish davrida aholi orasida vahima va tushunmovchiliklarning oldini olish, tadbirlar o‘quv mashqlari doirasida o‘tkazilayotganligini tushuntirish maqsadida viloyat OAV vakillarini hamkorlikka taklif etadi”, – deyiladi viloyat FVB xabarida.