O‘zbekistonda yana bir xorijiy universitet filiali ochilishi mumkin

  • 10:59 / 24.08.2021
  • 318

Joriy yilning 21-avgust kuni “O‘zsanoatqurilishbank” ATB hamda Turkiyaning Maltepe universiteti (MAU) o‘rtasida memorandum imzolandi.

Memorandumga muvofiq, Bank Boshqaruvi raisi Saxi Annaklichev bolchiligidagi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB delegatsiyasi hamda Turkiyaning Maltepe universiteti rektori, doktor Shaxin Karasar O‘zbekistonda MAU filialini ochish bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirib, mamlakatda qurilish sektorini rivojlantirish uchun qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga kelishib oldilar.

Bank esa talabalarga nisbatan amaliy mashg‘ulotlar va tadqiqotlar o‘tkazish uchun universitet filialida ilmiy laboratoriya ochish ishlarini o‘z zimmasiga oldi.

Ta’kidlanishicha, Turkiya yuqori sifatli beton va temir-beton ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan yangi avlod kimyoviy qo‘shimchalari va plomba moddalarining eng yirik ishlab chiqaruvchisi ekanligini hisobga olib, MAU ta’lim dasturlari doirasida tegishli mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha ish olib boradi.

Ma’lumot uchun, Maltepe universiteti – MAU xususiy oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, u 1997-yilda Turkiyaning Istanbul shahrida “Istanbul ta’lim fondi” tomonidan tashkil etilgan. Bugungi kunda ushbu oliygohda ta’limning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.