O‘zbekistonda “yashil” energiya ulushini 25 foizdan oshirish rejalashtirilmoqda

  • 10:02 / 14.10.2021
  • 61

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining “Mamlakatimizda kayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish holati to‘g‘risida”gi masala yuzasidan yuborilgan parlament so‘roviga Energetika vaziri A.Sultonovning javobini muhokama qildilar.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda mavsumiy gidroenergetika resurslari miqdori o‘zgarishi sabab, qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) ulushi yillar bo‘yicha farq qiladi. 2019-yilda gidro elektr stansiyalardan ishlab chiqarilgan QTEM miqdori umumiy elektr energiyasi ishlab chiqarilishining 10 foizini tashkil etdi. Ayni vaqtda respublikada QTEMdan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi ulushini 2030-yilga qadar 25 foizdan oshirish rejalashtirilgan.

Energetika vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan "2020–2030-yillarda O‘zbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan ta’minlash konsepsiyasi"ga binoan 5 GVt quyosh fotoelektr va 3 GVt shamol elektr stansiyalari qurilishini amalga oshirish orqali sanoat ko‘lamidagi QTEM elektr stansiyalari miqdorini oshirish maqsad qilingan.

Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, bugun davlat-xususiy sheriklik asosida QTEM elektr stansiyalari loyihalarini amalga oshirishda Xalqaro moliya institutlari bilan ham hamkorlik qilinmoqda. 

Jumladan, Shamol elektr stansiyalari (ShES) loyihalari tanlovlari Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha ishga tushishi bilan yiliga 350 million kVt.soat qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Ikkinchi faza quvvati 200 MVt bo‘lgan ShES qurish loyihasi ham Qorao‘zak tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda meteomachtalar o‘rnatilishi yakunlanish bosqichida turibdi.

Majlisda xalq vakillari tomonidan bildirilgan fikrlar inobatga olinib, parlament so‘roviga yuborilgan javob ma’lumot uchun qabul qilindi.