O‘zbekistondagi eng katta poligonda masofadan boshqariladigan artilleriya quroli sinovdan o‘tkazilmoqda

  • 10:59 / 31.05.2020
  • 313

O‘zbekistondagi eng katta poligonda masofadan boshqariladigan artilleriya quroli sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati Xabardor.uz’ga ma’lum qildi.

Xabar berilishicha, Mudofaa vaziri tomonidan ilgari surilgan “Tashabbuskor g‘oyalar” asosidagi takomillashtirilgan jangovar texnika va qurollar ustida sinovlar Markaziy harbiy okrug hududidagi “Kattaqo‘rg‘on” dala o‘quv maydonida olib borilmoqda.

“Izlanishlar natijasida BTR-80 texnikasiga 120 millimetrli “Nona” o‘ziyurar artilleriya texnikasi va quroli yangidan modernizasiya qilindi. 
Zanjirli artilleriya texnikasi shinali zirhli texnikaga almashtirildi. Natijada tezlik soatiga 25 kilometrdan 80 kilometrga oshdi”, deyiladi Vazirlik xabarida. 

Sinov jarayonida nishonlarni yakson qilishi ko‘rsatkichi sezilarli darajada yuqorilagani kuzatilgan. Shuningdek, hozirda Mudofaa vazirligi va harbiy okrug artilleriyachilari tomonidan texnika va qurolni jangovar imkoniyatlari o‘rganilayotgani aytildi.

“Bo‘ron” deya nom berilgan “GM-21 MK” rusumli KamAZ va “Ural” texnikasiga o‘rnatilgan 122 millimetrli “DM-21” markali o‘ziyurar artilleriya to‘p-raketasini masofadan boshqarish va otish ishlari ham  sinovdan o‘tkazildi.