O‘zbekistondagi shifokorlar uchun “medpredstavitellar” kerakmi?

  • 15:30 / 05.02.2020
  • 775

Foto: xabardor.uz

Bugun, 5-fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan “Respublika farmatsevtika tarmog‘idagi islohotlarni chuqurlashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  Prezident qarori muhokamasiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

Bugungi kunda iste’molchilar tomonidan dori vositalarining narx yuzasidan o‘rinli shikoyatlar kelib chiqmoqda. Bu o‘z navbatida ishlab chiqarilayotgan dorilarning ko‘pligi va uning raqobatdoshlarining ko‘pligi hamdir. Dorixonalarda sotilayotgan dorilarning yangi chiqqanlari shifokorlarga taqdimot qilishda dori kompaniyasining agentlari (medpredstavitellar) ish olib bormoqda. 

“Qabul qilingan qarorda farm kompaniyalarni shifokorlar bilan munosabatini tartibga solish ishlari ham amalga oshiriladi. Bu holat hozirgacha tartibga solinmagan edi. Bemorlar shifokorning dorixonaga yozib bergan retseptiga ishonadi, bu esa o‘sha shifokorlar va farmatsevtik kompaniyalar o‘rtasidagi korrupsion munosabatlarga sabab bo‘lmoqda. Bemorlar esa qimmat dorilarni ham olishga majbur bo‘lmoqda. Korrupsion vaziyatga esa shifokorlarining oylik maoshlari kamligi sabab korrupsion tizim ishlab kelmoqda. Qabul qilingan qarorda shifokorlarga farm kompaniyalari tomonidan pul yoki moddiy rag‘batlantirish berish taqiqlandi”, dedi Bobur Karimov Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari.

Mazkur korrupsion tizim haqida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori quyidagicha izohladi:
“Farmatsevtikada restept bilan hamda retseptsiz beriladigan dori vositalari mavjud. Shifokor tavsiyasi asosida ichilmaydigan dori vositalari OAVda reklama qilib boriladi. Ularni shifokor nazoratisiz iste’mol qilish mumkin. Bu vosita dorilari asosan 20-30 foizni tashkil qiladi, qolgan 70-80 foiz dorilar shifokor ko‘rsatmasi ostida olinuvchi dori vositalari hisoblanadi. Bu kabi dori vositalarini OAV orqali shifokorlarga tushuntirishdan ko‘ra, farmatsevtik kopmaniya vakilining kelishi bir jihatdan to‘g‘ri deb bilaman. Farmatsevtik kompaniya vakili bir emas bir necha shifokorlarga dorining xususiyatlarini taqdimot qilishi mumkin. Shifokor bilan vakil xech qachon yolg‘iz suhbat qilishiga imkon yaratilmaydi. Menni bunday kompaniya vakillarni yo‘q qilishga qarshiman, chunki bu tajriba rivojlangan davlatlarda ham bor”, dedi agentlik direktori Sardor Qoriyev.

Qaror bo‘yicha “Sirli xaridor” tizimi joriy etiladi.  Har bitta dorixonada alohida kuzatuv kameralari o‘rnatiladi va ulardagi yozuvlar 1 oy saqlanib turadi. Bu o‘z navbatida dorixonadagi sotuvchilar tomonidan retsteptsiz dorilar berilganligi aniqlashda qo‘l keladi.