O‘zbekistonga 200 mlrd. so‘mdan ortiq investitsiya kiritgan tadbirkorlarga qator imtiyozlar beriladi

  • 16:32 / 25.08.2021
  • 251

2021-yil 1-oktyabrdan boshlab mahalliy hamda xorijiy tadbirkorlar qiymati 200 mlrd. so‘m miqdoridan oshadigan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan davlat tomonidan ta’minlanadi. 

Bu borada Prezidentning “Investitsiya loyihalarini tashqi infratuzilma bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan davlat tomonidan ta’minlashni moliyalashtirish manbalari quyidagicha bo‘ladi:

–  kirish avtomobil yo‘llari hamda ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha:

90 foizi – O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi mablag‘lari;
10 foizi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan.

–  elektr energiyasi va gaz tarmog‘ini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha:

respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan ta’minotchi korxonalarga 5 foiz stavkada uch yil muddatda qaytarish sharti bilan ajratiladigan byudjet ssudasi mablag‘lari;
aloqa tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari ta’minotchi korxonalar va tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. 

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra qiymati 200 mlrd. so‘mdan yuqori bo‘lgan, 2021–2022-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalari soni 295 tani, ularning qiymati esa 189 trln. 434 mlrd. so‘mni tashkil etadi. Shundan qiymati 61 trln. 30 mlrd. so‘mlik loyihalarni infratuzilma bilan ta’minlash talab etiladi. Buning uchun 761 mlrd. so‘m xarajat qilinadi. 

2021-yil yakuniga qadar ishga tushiriladigan qiymati 9 trln. 686 mlrd so‘mlik 23 ta loyiha infratuzilmasi uchun jami 139,5 mlrd. so‘m, jumladan:
–  73 km. elektr tarmoqlari barpo etish uchun jami 68,5 mlrd. so‘m;
–  55 km. gaz quvurlarini qurish uchun 31 mlrd. so‘m;
–  46 km. suv tarmoqlari hamda 15 km. kanalizasiya tarmoqlarini barpo etish uchun 22,3 mlrd. so‘m;
–  33 km. avtomobil yo‘llari bilan ta’minlash uchun 17,4 mlrd. so‘m mablag‘ talab etiladi.

2021-yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida loyihalarni infratuzilma bilan ta’minlash xarajatlari uchun 146 mlrd. so‘m ko‘zda tutilgan.