O‘zbekistonga import qilinadigan parranda va parranda go‘shtlari kirishi to‘xtatildi

  • 16:49 / 01.02.2020
  • 637

Tirik parranda va parranda mahsulotlarining O‘zbekistonga import qilinishi bo‘yicha vaqtinchalik cheklov o‘rnatildi. Bu haqda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining axborot xizmati Xabardor.uz’ga ma’lum qilmoqda.

"Epizootik vaziyat murakkablashganligi bois, respublika hududiga yuqumli kasalliklar qo‘zg‘atuvchi hayvonlarning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida kerakli chora-tadbirlar qo‘llanilgan", deyiladi xabarda.

Shuningdek, naslli inkubatsion tuxum va bir kunlik jo‘jalar, parranda grippiga moyil bo‘lgan yovvoyi qushlar importiga ham ta’qiq qo‘yilgan.

Parranda va parranda mahsulotlari importi cheklovi — Afg‘oniston, Bangladesh, Bolgariya, Butan, Vyetnam, JAR, Kambodja, Xitoy, Hindiston, Misr, Iroq, Isroil, Quvayt, Meksika, Namibiya, Nepal, Nigeriya, Rossiya, Eron (Mazondoron provinsiyasi) kabi davlatlar bo‘yicha o‘rnatilgan.