O‘zbekistonga koronavirusning “Lambda” shtammi kirib kelishi ehtimolini hech kim inkor qilolmaydi – Nurmat Otabekov

  • 14:41 / 22.07.2021
  • 115

Bugun, 22-iyul kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Vaksina – salomatlik va cheklovlarsiz hayot” mavzusidagi ochiq muloqotda bugungi kunda dunyoning turli nuqtalarida tarqalayotgan koronavirusning “Lambda” shtammi haqida so‘z bordi.

– Ayni paytda yurtimizda koronavirusning bir qancha shtammlari aniqlangan, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov. – Bugungi kunda Janubiy Amerikada keng tarqalayotgan “Lambda” shtammi ham mamlakatimizga kirib kelishi mumkinligini hech kim inkor qilolmaydi. Vaksina har qanday shtammga qarshi samara berishi mumkin. Chunki bu shtammlarning barchasining asosida SARS-CoV-2 koronavirusi yotadi. Shu bois, odamlarimiz, turli mish-mishlarga ishonmasdan, albatta vaksina olishi, shu bilan birga karantin talablariga ham izchil amal qilishni to‘xtatmasligi shart.

Qayd etilishicha, ayni vaqtda Janubiy Amerikada tarqalayotgan koronavirus infeksiyasining 30 foizi bevosita yangi “Lambda” shtammi bilan bog‘liq. Mazkur shtamm boshqalarga nisbatan o‘ta yuquvchanligi, tez tarqalishi, og‘irroq o‘tishi bilan ajralib turadi. Avvalgi shtammlar faqat bemor bilan muloqot asnosida yuqishi aniqlangan bo‘lsa, “Lambda” shtammi bilan hatto bemorning yonidan o‘tib ketish asnosida ham kasallanish mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, ilk bor 2020-yilning dekabr oyida Peru, Ekvador, Argentinada aniqlangan “Lambda” ayni paytga qadar dunyoning 30 dan ortiq mamlakatiga tarqalib ulgurgan.