O‘zbekistonga Rossiya harbiy delegatsiyasi tashrif buyurdi

  • 08:50 / 06.08.2021
  • 139

Kecha, 5-avgust kuni O‘zbekistonga Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i armiya generali V. Gerasimov boshchiligidagi harbiy delegatsiya tashrif buyurdi.

Tashrif davomida V. Gerasimov O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi xavfsizlik Kengashi kotibi V. Maxmudov hamda Mudofaa vazirligida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov bilan uchrashdi.

Uchrashuvlarda delegatsiya rahbari bilan ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnik hamkorlik masalalarining joriy holati hamda istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama etildi. Harbiy ta’lim, hamkorlikdagi o‘quvlar va treninglar, jangovar tayyorgarlik yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashish masalalari ko‘rib chiqildi. 

Shuningdek muzokaralar davomida “ArMI – 2021” xalqaro armiya o‘yinlari bugungi kunda ishtirokchi davlatlar harbiy xizmatchilarining o‘zaro jangovar kuch sinashish, tajriba almashish maydoniga aylanib borayotgani va uning geografik ko‘lami tobora kengayib borayotgani e’tirof etildi. 

Ta’kidlash joizki, joriy yilda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoalari “ArMI – 2021” doirasida o‘tkazilayotgan musobaqalarning 24 ta yo‘nalishida ishtirok etmoqda.

Rossiya delegatsiyasi tashrif davomida Toshkent shahridagi “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi bilan tanishishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari V. Gerasimov 6-avgust kuni “Termiz” poligonida O‘zbekiston – Rossiya hamkorligidagi o‘quvlarning faol bosqichi va tantanali yopilish marosimida ishtirok etishi rejalashtirilgan.