O‘zbekistonga Rossiya SSV vaziri Mixail Murashko boshchiligidagi delegatsiya keldi

  • 14:51 / 28.05.2021
  • 164

O‘zbekistonga RF SSV vaziri Mixail Murashko boshchiligidagi delegatsiya tashrifi boshlandi.

Delegatsiya tarkibiga Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari, shuningdek, akademik V.I. Shumakov nomidagi transplantologiya va sun’iy organlar milliy tibbiyot ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sergey Gotye va N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti rektori Sergey Lukьyanov kabi yuqori darajadagi mutaxassislar kirdi. 

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasining tashrifi tibbiyotning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvlarni samarali bajarishni davom ettirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Tashrif davomida yuqori darajadagi qator uchrashuvlar, mamlakatimizning yetakchi tibbiyot muassasalariga tashriflar rejalashtirilgan. Shuningdek, delegatsiya N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti filialining ochilishiga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini ko‘zdan kechirish maqsadida Chilonzor tibbiyot kollejiga ham tashrif buyuradi. 

Tashrif yakunlari bo‘yicha N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida shartnoma imzolanishi ko‘zda tutilmoqda.