O‘zbekistonga Volga bo‘yi hududlaridan sovuq antitsiklon kirib kelishi boshlanadi

  • 12:19 / 17.09.2021
  • 233

O‘zgidrometning ma’lum qilishicha, bugun va ertaga respublika hududi bo‘yicha quyoshli va juda iliq ob-havo saqlanib turadi. Kunduz kunlari termometr ko‘rsatkichi 35-37 darajagacha ko‘tariladi, bu ushbu kunlar me’yoridan 2-4 darajaga yuqori bo‘ladi.

O‘zbekistonning shimoliy chekka hududlariga esa bugun, 17-sentyabrdan boshlab Volga bo‘yi hududlaridan sovuq antisiklon kirib kelishi boshlanadi. Shanba kuniga kelib, havo harorati 30-33 darajagacha, Ustyurtda 23-26 darajagacha pasayadi. Shimolda va cho‘l hududlarida shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

Yakshanba kunidan boshlab sovuq front kirib kelishida quruq va salqin havo O‘zbekistonning barcha hududiga tarqaladi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati kunduz kuni 32-35 darajagacha, Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida 22-27 darajagacha biroz pasayadi.

Keyingi haftaning boshida sovuq antisiklon ta’siri kuchayadi. Butun hududda yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati barcha joylarda iqlimiy me’yorlargacha pasayadi, kechalari va ertalabki soatlarda 10-13 darajani, kunduz kunlari 26-29 darajani tashkil etadi.