O‘zbekistonlik Muattar Nabiyeva Osiyo chempionatining ikki medalini qo‘lga kiritdi

  • 18:12 / 18.04.2021
  • 66

Toshkentda o‘tayotgan og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionatining ikkinchi kunida terma jamoamiz yana bir medalga sazovor bo‘ldi. Ayollar o‘rtasida -55 kg vazn toifasida kechgan bellashuvda o‘zbekistonlik Muattar Nabiyeva ikki medalni qo‘lga kiritdi.

Muattar Naviyeva dastlab dast ko‘tarish mashqida 99 kg toshni bo‘ysundirdi. Bu esa unga ushbu mashq bo‘yicha kumush medal uchun yetarli bo‘ldi. Siltab ko‘tarishni Nabiyeva 114 kg bilan yakunladi. Yakunda bronza medali uchun kechgan raqobatda andijonlik qizimizning dast ko‘tarishdagi yuqori natijasi ikki kurash bo‘yicha bronza medali uchun zamin yaratdi. Kutilganidek, bu yo‘nalishda oltin medal uchun bahs ikki nafar xitoylik sportchilar o‘rtasida kechdi.

Og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionati.
Ayollar, -55 kg:
1. Liao Kiyun (Xitoy) – 222 kg (98 kg + 124 kg)
2. Yajun Li (Xitoy) – 221 (101+120)
3. Muattar Nabiyeva (O‘zbekiston) – 213 (99+114)