O‘zbekistonlik shaxmatchilar FIDE Jahon kubogida 4-bosqichga yo‘l olishdi 

  • 11:18 / 22.07.2021
  • 38

Keyingi bosqichda Nodirbek Abdusattorov ozarbayjonlik, Javohir Sindorov esa polshalik raqibga qarshi dona suradi

Avval xabar qilinganidek, Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida shaxmat bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasidagi FIDE Jahon kubogi davom etmoqda.

Jahon kubogining 1/32 final bosqichida o‘zbekistonlik yosh grossmeysterlar Jahongir Vohidov, Javohir Sindarov hamda Nodirbek Abdusattorov nomdor grossmeysterlarga qarshi dona surishdi. Qayd etilishicha, Javohir Sindarov ushbu bosqichda perulik Xorxe Korini 1,5:0,5 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri 1/16 final bosqichiga yo‘l olgan.

Nodirbek Abdusattorov esa fransiyalik grossmeyster Anish Giri bilan dastlab ikkala partiyada ham durang o‘ynadi. Kecha shaxmatchilar o‘zaro hal qiluvchi tay-brekda to‘qnash kelishdi. Unda Nodirbek Anish Girini mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Jahongir Vohidov esa 1/16 final yo‘lidagi ilk bahsda rossiyalik Pavel Ponkratovni mag‘lubiyatga uchratgan edi. Ikkinchi partiyada esa Ponkratovning qo‘li baland keldi, yakuniy natija – 1:1. Tay-brekda ham Pavel Ponkratovga omad kulib boqdi va Jahongir musobaqadagi ishtirokini yakunladi.

Ma’lum bo‘lishicha, 22-iyul kuni boshlanadigan 1/16 final bosqichida Nodirbek Abdusattorov ozarbayjonlik Vasif Durarbayli bilan keyingi bosqich masalasini hal etish uchun dona sursa, Javohir Sindorov jahon kubogining 1/8 final bosqichida polshalik Piroun Kasperning qarshiligini yengib o‘tishi lozim bo‘ladi.

Eslatib o‘tish mumkin, musobaqalar joriy yilning 5-avgustiga qadar davom etadi.