O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi 6 oyda qanchaga o‘sgani ma’lum bo‘ldi

  • 16:42 / 07.09.2021
  • 318

Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzi holati va dinamikasi sharhini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, davlat qarzi qoldig‘i joriy yil boshiga nisbatan 858,6 mln. dollarga yoki 3,7 foizga oshib, 2021-yilning 1-iyul holatiga 24,2 mlrd. dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 38,5 foizni tashkil etgan.  

Shundan: 
–  davlat tashqi qarzi qoldig‘i – 21,8 mlrd. dollarni yoki YAIMga nisbatan  34,7 foizni; 
–  davlat ichki qarzi qoldig‘i – 2,4 mlrd. dollarni yoki YAIMga nisbatan 3,8 foizni tashkil etdi.  

Joriy yilning birinchi yarim yilligida davlat qarzi qoldig‘i (DQQ) 858,6 mln. dollarga oshishi O‘zbekiston Respublikasi nomidan va davlat kafolati ostida investisiya loyihalarini va davlat byudjeti defisitini moliyalashtirish uchun tashqi va ichki manbalardan jalb qilingan qarz mablag‘larining o‘zlashtirilishi, qarz majburiyatlari bo‘yicha asosiy qarzning so‘ndirilishi hamda davlat qarzi portfeli tarkibidagi valyuta kurslaridagi o‘zgarishlar bilan izohlanadi. 

Natijada: 
– O‘zbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i 363,4 mln. dollarga oshdi; 
– davlat kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i 319,1 mln. dollarga oshdi; 
– davlat tomonidan kafolatlangan hamda davlat byudjetidan qaytariladigan ichki majburiyatlar qoldig‘i 250,8 mln. dollarga oshdi; 
– O‘zbekiston Respublikasi nomidan 2 240,9 mlrd.so‘mlik  davlat qimmatli qog‘ozlarini emissiya qilinishi hamda 3 020,0 mlrd.so‘m miqdoridagi DQQ so‘ndirilishi natijasida DQQ bo‘yicha qarzdorlik qoldig‘i 779,1 mlrd. so‘mga kamaydi;  
– davlat tashqi qarzi portfeli tarkibida 11,7 foizni tashkil qiluvchi valyuta – Yaponiya iyenasi 2021 yilning yanvar-iyun oylarida AQSh dollariga nisbatan 6,8 foizga qadrsizlandi.