O‘zbekistonda yanvar-iyun oylarida import hajmi qariyb 11 mlrd. dollarga yetdi

  • 17:15 / 21.07.2021
  • 55

2021-yilning yanvar-iyun oylarida import hajmi 10 mlrd. 957,4 mln. AQSh dollarini tashkil etib, 2020-yilga nisbatan 114,3 foizga oshgan. Bu haqda Statistika qo‘mitasi axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, import tarkibida eng katta ulush, mashinalar va transport asbob-uskunalari (32,8 foiz), sanoat tovarlari (18,9 foiz) hamda kimyoviy vositalar va boshqa toifalarga kiritilmagan shunga oʻxshash mahsulotlar (13,8 foiz) hisobiga toʻgʻri keldi.

Tovarlar importi dinamikasi tahliliga koʻra, 2021-yilning yanvar-iyunida import qilingan tovarlar hajmi, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1 370,9 mln. AQSh dollariga koʻpaydi va 10 mlrd. 296,1 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Xizmatlar importi esa 661,3 mln. AQSh dollariga yetdi.

Ma’lum qilinishicha, importning eng katta hajmi 2021-yilning aprel oyida qayd etilib, 2 133,4 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. 2020-yilning shu oyiga nisbatan 508,9 mln. AQSh dollariga koʻpaydi. Iyun oyi esa import hajmi 2 119,2 mln. AQSh dollari bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21,7 foizga koʻpaydi.

Ma’lumot uchun, yanvar-iyun oylari yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan 150 davlatdan tovarlar va xizmatlar importi amalga oshirildi.

Teglar