O‘zgidromet dam olish kunlari uchun ob-havo ma’lumotini e’lon qildi

  • 15:48 / 10.09.2021
  • 183

Sentyabr oyining birinchi haftasi davomda saqlanib turgan, havo harorati me’yordan 2-5 darajaga yuqori bo‘lgan uzoq davr kuzatilgan juda issiq ob-havodan so‘ng, O‘zbekistonga birinchi kuzgi sovuq kirib keldi.

O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, 8-sentyabrda respublikaning shimoliga antisiklon kirib kelishi boshlandi, u Volga bo‘yi hududlaridan salqin havo olib keldi. 9-sentyabrda salqin havo massasi O‘zbekistonning barcha hududini qamrab oldi, harorat kechalari 14-17 darajagacha, shimolda 8-13 darajagacha, kunduz kunlari 27-32 darajagacha pasaydi.

Bugun kunduz kuni respublika hududiga sovuq oqim kirib kelishi davom etadi va kunduz kungi harorat 24-27 daraja gacha pasayadi va o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 2-4 darajaga past bo‘ladi. Respublikaning katta qismida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat respublikaning tog‘li hududlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin, baland tog‘larda ba’zi joylarda yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor. Ayrim joylarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Shanba va yakshanba kuni sovuq antisiklon ta’siri hisobiga harorat kechalari 12-15 darajagacha pasayadi, kunduz kunlari esa asta-sekin isiydi va yakshanba kuni harorat 27-30 darajagacha ko‘tariladi.