O‘zgidromet test sinovlari bo‘lib o‘tadigan sanalar uchun ob-havo ma’lumotini e’lon qildi

  • 12:21 / 03.06.2021
  • 332

O‘zgidromet Toshkent shahri bo‘yicha 2021-yil 1-avgustga kutilayotgan ob-havo holati haqida ma’lumotini e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, 2020-yilning yoz oylari qolgan yillarga nisbatan salqinroq bo‘lgan. Jumladan, 2020-yilning mutlaq maksimal havo harorati 40,2 daraja issiqni tashkil etgan. Bu qiymat 2019-yilning mutlaq maksimal havo haroratidan 2,3 darajaga, 2018-yildan esa 2,8 darajaga salqinroq bo‘lgan. 

Bunday holat 2020-yil 1-avgust kunida ham o‘z aksini topgan. Shu kuni havo harorati 2019-yilning 1-avgust kunidagi maksimal havo haroratidan 6,5 darajaga, 2018-yilning 1-avgustidan esa 3,7 darajaga salqinroq bo‘lib, 32,5 daraja issiqni tashkil etgan.

O‘zgidromet joriy 2021-yilning 1-avgust kuni havo harorati me’yor atrofida bo‘lishini prognoz qilmoqda. 
“Shu kuni ob-havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi (10-20% biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ish ehtimoli bor). Shamol o‘rtacha tezlikda esadi. Harorat kechasi 20-25 daraja, kunduzi 35-40 daraja bo‘ladi”, – deyiladi markaz xabarida.

Shuningdek, xabarda yuqori havo haroratining inson organizmiga salbiy ta’siri sanab o‘tilib, joriy yilda OTMlarga qabul uchun bo‘lib o‘tadigan test sinovlari kunlarida abituriyentlarga qanday qulayliklar taqdim etish mumkinligiga to‘xtab o‘tilgan.
 
Inson organizmiga ob-havo ta’sirini yumshatish maqsadida O‘zgidromet tomonidan quyidagilar tavsiya etmoqda:

–  Respublikamizda odatda havo haroratining yuqori darajaga ko‘tarilishi 12:00 dan 15:00 lar davriga to‘g‘ri keladi. Bundan kelib chiqib test sinovlari soat 09:00 dan 11:00 gacha bo‘lgan vaqtda o‘tkazish;
–  Imtihonlarni iloji boricha bino ichida yoki salqin joylarda o‘tkazish;
–  Abituriyentlarni muntazam ravishda ichimlik suvlari bilan ta’minlab borish.