Oziq-ovqatlar narxi iyul oyida qariyb 1 foizga pasaygan, ammo o‘tgan yilga nisbatan 15,1 foizga qimmatlagan – tahlil

  • 10:00 / 05.08.2021
  • 275

Huddi o‘tgan yili bo‘lgani kabi, bu yil ham oylik inflyatsiya darajasi ketma-ket ikkinchi oy davomida pasayishda davom etmoqda. Iyul oyida oylik inflyatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan 0,2 foizga pasaygan (iyun oyida ham huddi shu darajadagi pasayish kuzatilgan edi). Oylik inflyatsiya darajasi biroz pasayganligiga qaramasdan yillik inflyatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan biroz oshgan. O‘tgan oyda yillik inflyatsiya darajasi 10,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, iyul oyida bu ko‘rsatgich 11,1 foizni tashkil etmoqda. 

Ta’kidlash kerakki, oylik inflyatsiyaning pasayishida oziq-ovqat narxining pasayishi asosiy rol o‘ynagan.

Iyul oyida oziq-ovqatlarning oylik narxi 0,9 foizga pasaygan. Lekin umumiy inflyatsiya bilan kuzatilgani kabi o‘tgan oy bilan taqqoslaganda oziq-ovqatlarning yillik inflyatsiyasi biroz oshgan. Iyun oyida oziq-ovqatlarning yillik inflyatsiyasi 14,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, iyul oyida bu ko‘rsatgich 15,1 foizga yetgan. Nooziq-ovqat hamda xizmatlar sektoridagi oylik inflyatsiya darajasi ham huddi o‘tgan oydagi bilan bir xil darajasidagi ko‘rsatkichni nomoyon qilib, mos ravishda 0,5 hamda 0,2 foizni tashkil etgan. 

Yil boshidan buyon eng yuqori inflyatsiya darajasi oziq-ovqatlar sektorida kuzatilgan bo‘lsa, eng past narx o‘sishi nooziq-ovqatlar sektorida kuzatilgan.

Ta’kidlash kerakki, birinchi yetti oydagi narx o‘zgarishini o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslansa, oziq-ovqat hamda nooziq-ovqatlar sektorida narxlar darajasi bu yil pastroq oshganligini ko‘rish mumkin.

Ammo xizmatlar sektorida vaziyat butunlay boshqacha: 2020-yil yanvar-iyul oylarida xizmatlar sektorida narxlar o‘sishi atigi 3,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 4,3 foiz bo‘lgan.  Bunday tendensiyaning kuzatilishiga asosiy sabab, xizmatlar sohasining, joriy yilda kuchli tiklanishi bo‘lgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yili yanvar-iyun oylarida ximzatlar sohasidagi real o‘sish 2,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 18,3 foizni tashkil etgan. Ya’ni xizmatlar sohasida inqirozdan tiklanish jarayoni kuzatilmoqda. Shu sababli bu sektorda narxlar darajasining biroz o‘sganligi tabiiy hodisa.

Oziq-ovqat mahsulotolarining pasayishida asosiy rol o‘ynagan mahsulotlar bu mavsumiy oziq-ovqat mahsulotlari (meva hamda sabzavotlar). Oziq-ovqat mahsulotlari orasida iyul oyida go‘sht mahsulotlarining o‘sish tempi biroz tezlashgan. Taqqoslash uchun, iyun oyida go‘sht mahsulotlari narxi 0,4 foizga o‘sgan bo‘lsa, iyul oyida bu ko‘rsatgich 1,2 foizni tashkil etgan. Shunga qaramasdan, go‘sht mahsulotlarining yetti oylik o‘sish ko‘rsatkichi 4,9 foizni tashkil etgan hamda bu oziq-ovqatlarning umumiy inflyatsiyasi bilan taxminan bir xil daraja hisoblanadi.

Yog‘ va moylarning oylik inflyatsiyasi bir muncha sekinlashib qolganligiga qaramasdan, xususan, iyunda 2,8 foiz pasayish, hamda iyulda 0,1 foiz o‘sish kuzatilganligiga qaramasdan, yil boshidan buyon eng yirik narx o‘sishi aynan yog‘ va moylarda kuzatilgan. Yil boshidan buyon bu turdagi mahsulotlarning narxi 22,6 foizga oshib ulgurdi hamda bu oziq-ovqat mahsulotlari orasidagi eng yuqori ko‘rsatgich hisoblanadi (oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rtacha inflyatsiyasi 4,6 foizni tashkil etgan).

Mirkomil Xolboyev, Jeonbuk national university magistranti

Jeonju, Janubiy Korea