Pardoz qilishda koʻp takrorlanadigan qoʻpol xatolar

  • 14:05 / 23.09.2021
  • 148

Internetda pardoz qilish boʻyicha video darsliklar yetarli ekanligiga qaramay, koʻpchilik qizlar kosmetik vositalar tanlash va ularni qoʻllash tartibida xatoliklarga yoʻl qoʻyishadi. “Xabardor.uz” pardozda yoʻl qoʻyiladigan odatiy xatolarni oʻrganish va ularning oldini olishni taklif qiladi.

1-xato. Rumyana surtmaslik

“Ayozbobo” filmidagi qahramonning yonoqlari lavlagi bilan qizartirilgani esingizdami? Koʻpchilik qizlar tashqi koʻrinishlari ana shunday boʻlib qolishidan qoʻrqishadi va yonoqlarni qizartirmaslik yaxshiroq deb bilishadi. Pardoz tonal kremi va upaning oʻzi bilan tugatiladi. Buning natijasida yuz sogʻlomlik, tetiklik, goʻzallik va yoshlikdan asar ham boʻlmagan rangpar holatga keladi.

Ushbu mahsulot bilan bogʻliq boʻlgan xatolardan yana biri – rangni notoʻgʻri tanlash boʻladi. Unutmang, sezilmaydigan, yarimshaffof, jigarrang rumyanalar siz xohlagan sogʻlom rangni berolmaydi. Sayr qilgandan keyin oynaga qarang. Sizga mos keladigan rang mana shunday boʻlishi kerak. Balki yonoqlaringiz bu vaqtda qip-qizil boʻlar, lekin bundan qoʻrqish kerak emas. Sizning maqsadingiz – tabiiy koʻrinish yaratish.

2-xato: Yaltiramaydigan tenlar

Baʼzi ayollar yaltiramaydigan tenlarni koʻzlarni pardoz qilishdagi eng toʻgʻri yechim deb bilishadi, ularning fikriga koʻra, yaltiraydigan tenlar yoshga yosh qoʻshadi va ajinlarga urgʻu berib qoʻyadi. Aslida bu fikr notoʻgʻri. Birinchidan, agar qovoqlarda ajinlar boʻlsa, ularni tenlar yordamida yashirib boʻlmaydi. Ikkinchidan, yaltiramaydigan tenlar oddiy va zerikarli koʻrinadi.

Tenlar yengil yaltirab tursa, har kungi pardoz uchun mos keladi. Bunday tenlar yordamida nigohlarni yorqin koʻrsatish uchun qovoqlarda nafis yaltirash hosil qilsa boʻladi. Bundan tashqari, yengil yaltiraydigan tenlar jilosiz tenlardan farqli ravishda qovoqlar ustida yigʻilib qolmaydi.

3-xato. Tonal krem tanlash

Tonal krem sotib olishda uning rangi, brendi va narxidan tashqari teri turini ham hisobga olish kerak. Sizga mos keladigan kosmetik vositani tanlashda mana shuni ham hisobga oling. Agar bunga eʼtibor qaratmangiz, teridagi kamchiliklar, yogʻli yaltirash, kengaygan qora teshiklar va mayda ajinlarni aniq koʻrsatib qoʻyasiz.

Yogʻli teri egasi boʻlsangiz, terini yaltiratib qoʻymaydigan, tarkibiga choy daraxti yogʻi, rux dioksidi, gialuron kislotasi qoʻshilgan tonal krem tanlang. Qoʻshimcha kosmetik vosita sifatida rumyana va xaylayterdan foydalaning.

Quruq teriga yaltirash effektini beradigan tonal asos kerak. Bunday kosmetika tarkibida ushbu teri turi uchun zarurat hisoblangan yogʻ, E vitamini, SPF filtrlari boʻladi. Xaylayter va rumyana masalasiga kelsak, krem koʻrinishidagi vositalar eng yaxshi yechim hisoblanadi.

4-xato: Qoshlardagi tartibsizlik

Qizlar asosan ikki turga boʻlinishadi: bular qoshlarni oʻzlari chizib oladiganlar va ularga umuman eʼtibor qaratmaydiganlar. Zamonaviy trendlar va tabiiylik urfga kirganini hisobga olib, vizajistlar qoshlarning tabiiy koʻrinishiga kamroq qoʻshimcha kiritishni maslahat berishadi. Ularning ustidan yengil chizib qoʻyish kerak xolos. Shuning uchun, pomadka kabi kosmetik vositalardan qoʻrqmasdan voz kechishingiz mumkin. Uning oʻrniga gel yoki qalam ishlating. Unutmang, qoshlarni har doim tarash va chiroyli qilib tartibga keltirish kerak. Tartibsiz qoshlar pardozni buzib qoʻyadi.

5-xato. Konsiler rangini toʻgʻri tanlamaslik

Ushbu kosmetik vositaning teri rangidan ochroq boʻlishi kerakligini aytishadi. Aslida uning rangi pardozga mos boʻlishi kerak. Agar teridagi kichik nuqsonlarni yashirish uchun konsilerdan foydalansangiz, uni teri rangiga oʻxshaydiganidan tanlashingiz kerak. Agar konsilerni tonal krem bilan birga ishlatsangiz, u tonal kremdan biroz toʻqroq boʻlsin.

Oʻta och rangdagi mahsulot teridagi kamchiliklarni yashirib berolmaydi. U koʻz ostidagi qora xaltalarni aniq koʻrsatib qoʻyadi. Konsilerdan foydalanishda miqdorni oshirib yubormang. Odam kulganda uning koʻzlari ostida mimik ajinlar paydo boʻladi, agar teriga konsilerni koʻp surtib yuborsangiz, ajinlar koʻzga tashlanib qoladi.

Eʼtibor bering: Agar Jennifer Lopes yoki Kim Kardashyanga oʻxshab pardoz qilmoqchi boʻlsangiz, konsiler oʻrniga korrektordan foydalanishingiz kerak. U tonal kremdan oldin surtiladi.

6-xato. Lablarni boʻyamasdan qoldirish

Oxirgi paytlarda lablarni pardoz qilishga kam eʼtibor qaratilyapti. Lab boʻyogʻining oʻchib ketaverishidan bezor boʻlgan qizlar uni umuman surtmaslik yaxshiroq deb oʻylay boshlashdi. Lab boʻyogʻi surtgan taqdirlarida ham kontur qalamdan foydalanishmaydi.

Bunda lab boʻyogʻi aniq chiziq ichida boʻlmaydi. Yorqin lab boʻyogʻi bilan pardoz qilishda kontur qalamdan foydalanish muhim, aks holda pardozni buzib qoʻyasiz.

7-xato. Tugatilmagan pardoz

Pardoz uchun vaqt sarflab, lab va kipriklarni boʻyab, koʻz ostidagi koʻk xaltalarni yashirmasangiz va qoshlarni tartibga keltirmasangiz, pardoz qilishdan foyda boʻlmaydi.

Yodingizda tuting: kosmetika vositalaridan foydalanishdagi tartib juda ham muhim. Birinchi boʻlib teridagi kamchiliklar yashiriladi, keyin teri chiroyli koʻrinishi uchun rumyana surtiladi. Oxirida qoshlar taraladi. 5 daqiqadan koʻp vaqtingiz boʻlmasa qilinadigan oddiy pardoz mana shu. Lablar va. kipriklar ham muhim, lekin ular birinchi oʻrinda emas, zarur va shoshilinch paytda kiprik va lablarni pardozsiz qoldirsa ham boʻladi.

8-xato. Tushni bir nechta qavat qilib surtish

Hozir tabiiylik urfda, vizajistlar ham eʼtiborlarini tabiiy pardozlarga qaratishgan. Bugun tushni kipriklarga bir necha qavat qilib surtib olsangiz, notabiiy koʻrinishga ega boʻlishingiz aniq.

Tush bir necha qavat qilib surtilganda boʻyoq kipriklarda yigʻilib qoladi, ular bir-biriga yopishadi, odamning yoshini kattaroq koʻrsatib qoʻyadi. Tushni bir yoki ikki marta surtish kerak. Zamonaviy kosmetik vositalar yordamida tabiiy koʻrinish yaratish juda ham oson. Agar sizga yaratilgan obraz yoqmagan boʻlsa, unga podvodka qoʻshing. Lekin hech qachon kipriklarni 6-7 qavat qilib boʻyamang.