Parrandachilik sanoatiga katta subsidiyalar ajratiladi

  • 18:04 / 08.06.2021
  • 99

Avval xabar berganimizdek prezident ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda davlat rahbari parrandachilik loyihalarini amalga oshirishga 100 million dollar ajratilishini ma’lum qildi.

“Parrandachilik sanoatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etiladi. 1-iyuldan berilishi kerak bo‘lgan subsidiya miqdori tuxum uchun 3 baravar, parranda go‘shti uchun esa 2 baravar oshirilib, to‘lovlar 1-iyundan boshlanadi. Omuxta yem va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga aylanma mablag‘ni to‘ldirish va parrandachilik loyihalari uchun kreditlarning Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori qismi qoplab beriladi”, – dedi davlat rahbari.

Shuningdek, parrandachilik korxonalari uchun daromad, mol-mulk, yer va suv soliqlari stavkalari 50 foizga kamaytiriladi. Bunday imkoniyat hali biror sohaga ajratilmagani ta’kidlandi. Ushbu loyihalarini amalga oshirishga Mikrokreditbank mas’ul bo‘ladi va unga davlat tomonidan 50 million dollar resurs ajratiladi. Ishlar natijasiga qarab, yana 50 million dollar beriladi. Jami 100 mln dollar ajratilishi ham ma’lum qilingan.