Pashinyan Lavrovni Rossiyaning prezidenti va bosh vaziri deb atadi

  • 10:12 / 13.06.2021
  • 438

Armaniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov haqida soʻzlay turib jiddiy xatoga yoʻl qoʻydi va uni avval prezident, keyin esa bosh vazir deb atadi.

Hodisa Gexarkunik viloyatidagi saylovoldi mitingi vaqtida sodir boʻlgan. Pashinyan oʻz nutqida Ozarbayjondan 15 nafar arman askarini ozod qilish haqida gapirgan.

“Rossiya prezidenti<...>, bosh vaziri Sergey Lavrov Yerevanga keldi, bundan bir kun oldin esa YEXHT hamraislari minalashtirilgan maydonlar toʻgʻrisida maʼlumot olish uchun murojaat qilishdi”, dedi Pashinyan.

Nutq soʻzlayotgan siyosatchining ortida turgan odamlar, jumladan hududiy boshqaruv va infratuzilma vaziri lavozimini bajaruvchi Suren Papikyan hamda Nikol Pashinyanning rafiqasi Anna Akobyan siyosatchining xatosi tufayli oʻzlarini kulgidan tiya olishmagan.