Paxta va kungaboqar yog‘i yil boshidan beri o‘rtacha 35 foizga qimmatlashdi – Davstatqo‘m

  • 14:49 / 15.05.2021
  • 260

2021-yil aprelida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar o‘rtacha 1,5 foizga qimmatlashdi. Joriy yil boshidan narxlar o‘sishi 4,1 foizni tashkil etib, o‘rtacha oylik ko‘rsatkichi 1 foizga teng bo‘ldi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma'lum qildi.

2021-yilning yanvar-aprelida esa oziq-ovqat mahsulotlari 6,2 foizga qimmatlashib, 2020 yil mos davridagi ko‘rsatkichdan 1,5 foiz bandga va 2019-yildagi mos ko‘rsatkichdan 1,2 foiz bandga past bo‘ldi.

2021-yil aprel oyida asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan (meva-sabzavot mahsulotlaridan tashqari) oy davomida paxta (31 foiz) va kungaboqar yog‘lari (26,5 foiz), shakar (5,7 foiz) hamda tuxum (3,7 foiz) sezilarli darajada qimmatlashdi. 

Oy davomida narxlarning pasayishi ayrim turdagi ziravorlar (0,01 foiz dan 0,1 foiz gacha atrofida), plitkali shokolad (0,4 foiz) hamda mors (0,2 foiz) va kvas (0,6 foiz) narxlarida qayd qilindi. 2020 yilning dekabriga nisbatan narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi o‘rinlar kungaboqar (35,7 foiz) va paxta yog‘lari (34,1 foiz) hamda shakarga (11,0 foiz) tegishli bo‘ldi. Yillik nisbatda ham inflyasion jarayonlar ko‘proq paxta va kungaboqar yog‘lari narxlari oshishida yaqqol namoyon bo‘lib, ular o‘rtacha 1,7 barobarga qimmatlashdi.

2020-yil aprelida boshqa oziq-ovqat mahsulotlari (meva-sabzavotlardan tashqari) narxlariga nisbatan grechka (16,5 foiz) va tuxum (8,1 foiz) narxlarining oshishi yuqoriroq bo‘lgan. 2020-yilning dastlabki to‘rt oyi davomida ham narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilik grechka (24,2 foiz) narxining oshishiga tegishli bo‘ldi. Yillik nisbatda narxlar oshishi bo‘yicha tuxum, 1 navli bug‘doy unidan non, grechka, mosh, loviya va unga (1,4 barobar) tegishli bo‘ldi.

Oziq-ovqat mahsulotlari va spirtli ichimliklar asosiy guruhlari orasida 2021-yilning yanvar-aprelida narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilik yog‘-moy mahsulotlariga (26,8 foiz) tegishli bo‘ldi. Yetakchi uchlikka shuningdek, sabzavotlar, ildizmevalilar, plantaynlar va dukkaklilar (12,9 foiz) hamda mevalar va yong‘oqlar (10,8 foiz) kirdi. Yillik nisbatda, yog‘-moy mahsulotlari (1,6 barobar), shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar (15,3 foiz), sut, boshqa sut mahsulotlari va tuxum (14,6 foiz) hamda go‘sht mahsulotlari yuqori darajada qimmatlashdi (14,5 foiz).