Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda uzumchilikni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi

  • 22:17 / 07.07.2021
  • 227

Shavkat Mirziyoyev raisligida 7-iyul kuni uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni rivojlantirish hamda hududlarda enoturizmni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda uzumchilikni keng ko‘lamda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Avvalo, tog‘oldi tumanlarida yirik uzumchilik plantasiyalarini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. 

Misol uchun, o‘tgan yili Oltiariq tumanida g‘alla maydonlari qisqartirilib, 2 ming gektar yerda yirik uzumzorlar barpo etilgan edi. Ularda tumandagi 5 ming nafar aholi doimiy ish bilan ta’minlandi.

Eng asosiysi, buning evaziga qo‘shimcha 60 ming tonna uzum yetishtirilib, uning eksporti keyingi yilda qariyb 100 million dollarga, to‘liq hosilga kirgandan keyin esa yiliga 200 million dollarga yetadi.

Shuningdek, Forish, Gʻallaorol, Yangiobod, Chiroqchi, Payariq, Qo‘shrabot tumanlarida ham yangi tokzorlar barpo etilgan.

Shunday tajriba asosida Qoraqalpog‘iston va viloyatlardagi 44 ta tumanda yangi eksportbop uzum plantasiyalari tashkil etish vazifasi qo‘yildi. 
Davlat rahbari ushbu plantatsiyalarga xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi. Shu maqsadda Qishloq xo‘jaligi vazirligining hududiy bo‘linmalarida uzumchilikni rivojlantirish, ko‘chat bilan ta’minlash va kasalliklardan himoya qilish bo‘yicha Loyiha ofislari tashkil etilishi belgilandi.
Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda boshqa ilmiy muassasalarning yerlarida sertifikatlangan uzum ko‘chatlari yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Tokzorlar barpo etish va eskilarini yangilashni rag‘batlantirish maqsadida sertifikatlangan yangi uzum plantatsiyalarining har bir gektariga 10 million so‘mdan subsidiya beriladi.

Uzumzorlar tashkil etishni moliyalashtirish uchun banklarga 100 million dollar resurs ajratiladi.

Meva-sabazavotlar to‘kinligida aholi tomorqalari ham katta manba. Misol uchun, Buloqboshi tumanidagi xonadonlarda 5 ming tonna uzum yetishtirilib, 15 milliard so‘m daromad olinishi kutilmoqda.

Prezident bu tajribani barcha hududlarda ommalashtirib, tomorqa chetlarida, yo‘l bo‘ylarida uzum yetishtirish an’anasini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda sohaga ilm va innovatsiyalarni keng joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Innovasion rivojlanish vazirligiga xorijiy tajriba asosida uzumning hosildor, danaksiz, sovuqqa va kasalliklarga chidamli yangi navlarini yaratish bo‘yicha topshiriq berildi.

Tokni faqatgina shpalerga ko‘tarish hisobiga hosildorlikni 2-3 baravar ko‘paytirish mumkinligi qayd etildi. Buni qo‘llab-quvvatlash maqsadida endi shpaler o‘rnatish xarajatlarining 30 foizgacha qismi byudjetdan qoplanishi belgilandi. Shuningdek, uzumchilikda qo‘llaniladigan asbob-uskunalar va texnikalar bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.

Davlatimiz rahbari uzumni qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirishning to‘liq siklini yaratish uchun vinochilik klasterlari tashkil etish kerakligini ta’kidladi.

Ularga uzumni qayta ishlash, mayiz quritish va qadoqlash uskunalarini sotib olish uchun moliyaviy imtiyozlar beriladigan bo‘ldi. Shuningdek, tabiiy vinolarga nisbatan aksiz solig‘i bekor qilinishi belgilandi.

Eksport imkoniyatlari tahlil qilinar ekan, joriy yilda xo‘raki uzum eksportini 200 million dollarga, mayizbop uzum eksportini 130 million dollarga, tabiiy uzum vinosi eksportini 50 million dollarga yetkazish mumkinligi aytildi.

Yurtimiz uzum navlarining milliy brendini yaratib, xorijda targ‘ib etish, salohiyatli bozorlar bilan fitosanitar kelishuvlarga erishish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

– Tarmoq rahbarlari va hokimlar kelgusi yillarda eksportni yanada oshirish uchun o‘zlarining aniq rejalarini belgilab olishlari kerak. Bundan buyon, yetishtirilgan hosil 30 foizigacha eksport qilinsa, daromad va mulk soliqlari 30 foizga, eksport 30 foizdan oshsa, 2 baravarga kamaytiriladi. Shuningdek, eksport qilingan har bir litr tabiiy vino uchun, 5 ming so‘m subsidiya ajratiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uzumzorlarda enoturizm uchun zarur infratuzilma yaratish chora-tadbirlariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va hokimlar axborot berdi.