Prezident kortejidagi avtomobilning piyodani urib yuborgani haqidagi xabarga oydinlik kiritildi

  • 16:30 / 03.06.2021
  • 543

IIV YHXBB Matbuot xizmati joriy yil 3-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Prezident tashrifi vaqtida ko‘cha supurayotgan ayolni hokimlik mashinasi urib ketdi. Ayol ikki kundan buyon komada” sarlavhasi ostidagi xabarga rasmiy munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, 2021-yilning 1-iyun kuni soat 07:30 larda haydovchi E.B. o‘z boshqaruvida bo‘lgan “Kaptiva” rusumli avtomobilni Termiz shahri, “Shodlik” mahallasidagi A.Temur ko‘chasi bo‘ylab boshqarib kelib, ushbu ko‘chaning “Barkamol avlod” markaziy ko‘chasi bilan kesishgan chorrahasidan o‘tayotgan vaqtda unga nisbatan chap tomondan o‘ng tomonga qarab piyodalar yo‘lakchasidan velosipedda ketayotgan P.R.ni avtomashinasining old qismi bilan turtib yuborishi natijasida yo‘l-transport hodisasini sodir etgan. 

Natijada, fuqaro P.R. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Termiz filialidagi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. 

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Termiz shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. 

“Surishtiruv davomida aniqlanishicha, mazkur transport vositasi davlat rahbarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi jarayonida tashkil etilgan kortej avtomobillariga aloqasi yo‘qligi, bundan tashqari Amir Temur va Barkamol Avlod ko‘chalarining kesishmasida kortej harakatlanmaganligini ma’lum qilamiz”, – deyiladi IIV YHXBB munosabatida.