Prezident OTMlarda tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot bilan shug‘ullanayotgan iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida farmon imzoladi

  • 22:30 / 09.09.2021
  • 156

Respublika oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanayotgan iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, talaba yoshlarni o‘z ustida muntazam ishlash va ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanishga undash, ularning iste’dodlarini namoyon etish va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, bilimli va iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:

2021/2022-o‘quv yilidan boshlab:

a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi kvotasi:

- tayanch doktoranturada tahsil olayotgan doktorantlar va magistratura bosqichi talabalari uchun ikki barobarga oshirilib, tegishlicha 10 ta va 22 ta etib;

- bakalavriat bosqichi talabalari uchun esa har bir oliy ta’lim muassasasiga 1 tadan etib belgilandi;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qaipbergenov hamda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari joriy etildi;

v) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari davlat oliy ta’lim muassasalarining qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tahsil olayotgan hamda respublikada faoliyat yurituvchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining filiallari va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriat bosqichi talabalari uchun ham tatbiq etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarining dastlabki bosqichi oliy ta’lim muassasasi tomonidan o‘tkaziladi va tanlovning navbatdagi bosqichiga tavsiya etiladigan talabgorlar tegishli oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida aniqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida tashkil etiladigan komissiyalar tomonidan o‘tkaziladi.

qo‘shma ta’lim dasturi asosida davlat oliy ta’lim muassasasini, respublikada faoliyat yurituvchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotining filialini yoki nodavlat oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki nomli davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan talabalar ham davlat oliy ta’lim muassasasi magistraturasiga bakalavriatning ta’lim yo‘nalishiga mos va turdosh mutaxassislik bo‘yicha kirish imtihonlarisiz qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.