Prezident Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan bir guruh sportchilarni mukofotladi 

  • 20:47 / 10.09.2021
  • 170

Prezident “Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlarida yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonini imzoladi. 

Mazkur farmonga ko‘ra, mamlakatda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalq o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasidagi alohida xizmatlari, ko‘plab nufuzli xalqaro musobaqalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani, xususan, Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlarida jasorat va matonat namunasini ko‘rsatib, yuksak natijalarga erishgani, terma jamoa safida muvaffaqiyatli ishtirok etib, O‘zbekistonning jahon miqyosidagi shon-shuhratini yuksaltirishga salmoqli hissa qo‘shgani hamda yosh avlodni milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘lidagi samarali va ibratli faoliyati uchun bir guruh sportchilar mukofotlandi.

Farmon bilan 6 nafar sportchi “O‘zbekiston iftixori”, 7 nafar sporchi “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” hamda 7 nafar sport murabbiysi “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvonlari bilan mukofotlandi.

Shuningdek, sportchi va ularning murabbiylari “Mardlik” (2 nafar) va “Do‘stlik” (9 nafar) ordenlari bilan shuningdek, “Jasorat” (4 nafar), “Kelajak bunyodkori” (1 nafar) hamda “Shuhrat” (18 nafar) medallari bilan mukofotlandilar.

Bundan tashqari farmonda Vazirlar Mahkamasiga Paralimpiya o‘yinlarida yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda ilovaga muvofiq pul mukofoti berilishini ta’minlash vazifasi topshirilgan.
https://president.uz/uz/lists/view/4606