Prezident saylovi byulletenining shakli va matni tasdiqlandi

  • 19:32 / 23.09.2021
  • 146

xabar.uz

Bugun, 23-sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida Prezident sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni tasdiqlandi. Bu haqda MSK matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yig‘ilishda Prezident saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Saylov kodeksining 31-moddasiga muvofiq, Prezident sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Kodeksga ko‘ra, saylov byulletenida uni to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi tushuntirish bo‘lishi kerak.

Ma’lumot uchun, nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi saylov byulleteniga uning tug‘ilgan yili va uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya ko‘rsatilgan holda alifbo tartibida kiritiladi.

Saylov byulletenlari davlat tilida nashr etiladi. Shuningdek, okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan tegishli okrug aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda ham nashr etilishi mumkin. Saylov byulletenlarini Brayl alifbosi asosida to‘ldirish uchun trafaretlar tayyorlanishi mumkin.