Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikistonda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammitida qatnashadi

  • 11:20 / 13.09.2021
  • 90

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy haftadagi ish rejasi ma’lum qilindi.

Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, davlat rahbari 16-17-sentyabr kunlari Dushanbeda ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi. 

Sammitning birinchi kuni, 16-sentyabrda davlat rahbari tashkilotga raislik qilayotgan Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Pokiston Bosh vaziri Imron Xon bilan, 17-sentyabr kuni esa Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi. 

17-sentyabr kuni esa davlat rahbarlarining yig‘ilishi o‘tkaziladi. Yig‘ilish yakunida ShHTga raislik Tojikistondan O‘zbekistonga o‘tadi. 

Yangi formatdagi “Shanxay hamkorlik tashkiloti — Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti” uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda tomonlar Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qiladilar.
Ma’lumot uchun, ShHT o‘zining 20 yilligini nishonlaydi.

Shuningdek, hafta davomida Prezident huzurida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga oid taqdimotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.