Professional boksda chempionlik jangi: Entoni Joshua Aleksandr Usikka qarshi

  • 10:44 / 22.07.2021
  • 184

Joriy yilning 25-sentyabr kuni Professional boksning birinchi og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni, ukrainalik Aleksandr Usik va superog‘ir vazn toifasida WBA, WBO, IBO,IBF chempionlik kamarlari sohibi Entoni Joshua o‘rtasidagi jang bo‘lib o‘tadi. 

Bellashuv Londondagi “Tottenhem” stadionida WBA, WBO, IBF va IBO chempionlik kamarlari uchun o‘tkaziladi. 

34 yoshli ukrainalik bokschi 2013-yildan buyon professional boksda ishtirok etib, faoliyati davomida o‘tkazgan 18ta jangning barchasida g‘alabaga erishgan. Janglarning 13tasini nokaut bilan yakunlagan.

Aleksandr oxirgi jangini 2020-yilning oktyabr oyida britaniyalik Derek Chisoraga qarshi o‘tkazib, ochkolar evaziga g‘olib bo‘lgan edi.
O‘z navbatida, Entoni Joshua ham 2013-yildan buyon prof boksda faoliyat yuritib kelmoqda. 

Bu vaqt mobaynida bokschi, 25ta jangda ishtirok etib, 24ta g‘alaba qayd etgan, 22ta jangni nokaut bilan yakunlagan. Bitta bellashuvda esa nokaut evaziga mag‘lub bo‘lgan.

Joshuaning so‘nggi jangi 2020- yilning 12-dekabr kuniga to‘g‘ri keladi. O‘shanda bokschi, bolgariyalik Kubrat Pulevni nokaut orqali yenggan edi.