Prokuratura, IIV va Ombudsman tuzilmalarida dastlabki tergovga oid yangi lavozimlar joriy qilinadi

  • 09:51 / 13.04.2020
  • 425

Surishtiruv va dastlabki tergov jarayonlarini yanada takomillashtirish va jinoyatchilikning oldini olishda tergov organlarining faoliyatini tubdan isloh qilish maqsadida bir qator sohaviy lavozimlar joriy qilinmoqda.

Bu haqda Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida surishtiruv va dastlabki tergov organlarining faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, mahkumlar va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash, ularning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari – Tergov hibsxonalari va ozodlikdan mahrum etish joylarida inson huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etiladi.

Tergov hibsxonalari va ozodlikdan mahrum etish joylarida inson huquqlari bo‘yicha vakilga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) kotibiyati tuzilmasiga 16 ta qo‘shimcha shtat birligi ajratiladi.


Shuningdek, prokuratura, davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlarida belgilangan shtatlar jadvali doirasida “tergovchi-yordamchi” lavozimini joriy etish ham nazarda tutilmoqda. Belgilanishicha, ushbu lavozimga ta’lim muassasini tugatgach mazkur organlarga ilk bor xizmatga qabul qilingan xodimlar tayinlanadi hamda mazkur lavozimda bir yil davomida xizmat olib borishi kerak bo‘ladi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, prokuratura, davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlariga mustaqil tergovchi sifatida tayinlanishida xodimning “tergovchi-yordamchi” lavozimida faoliyat yuritgani birinchi navbatda inobatga olinadi.


Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ikki oy muddatda prokuratura organlarining belgilangan shtatlar jadvali doirasida Bosh prokuratura, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalari tizimida prokuror-kriminalist lavozimini joriy etish choralarini ham ko‘radi.