Qibraydagi “qulupnaychi”lar zararini fermer xo‘jaligi qoplab beradi – hokimlik

  • 16:45 / 20.05.2021
  • 200

Toshkent viloyati hokimligi bugun, 20-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Qibray tumani hududida dehqonlarining qulupnay ekilgan dalasi buzib tashlangani aks etgan videolavha yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, ushbu videolavhada ko‘rsatilgan yer maydoni “Chinkeldi” MFY Yangiobod qishlog‘i M. Behbudiy ko‘chasida joylashgan “Saidvali hoji” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lib, jami  20,9 gektarlik maydonning 8 gektariga (videoda 9 gektar deyilgan) qulupnay ekilgan. 

“Saidvali hoji” fermer xo‘jaligi yer maydonlaridan ekin ekib foydalanish uchun dehqonlar bilan o‘zaro og‘zaki (hech qanday hujjatlar rasmiylashtirilmagan) kelishuvga asosan ikkilamchi ijaraga berilgan.

Fermer xo‘jaligining yer maydonlari davlat ehtiyojlari uchun olinganligi (oldindan ogohlantirish xatlari berilgan) munosabati bilan fermer xo‘jaligiga yetkazilgan zarar belgilangan tartibda qoplab beriladi.

Ushbu mablag‘lar fermer xo‘jaligi hisob raqamiga o‘tkazilgandan so‘ng, fermer xo‘jaligi bilan ikkilamchi ijarada foydalanib kelgan dehqonlarga keltirilgan zararni qoplash “Saidvali hoji” fermer xo‘jaligi tomonidan amalga oshirilishi bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

“Keltirilgan zararni qoplash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan qo‘shimcha axborot beriladi”, – deyiladi hokimlik munosabatida.