Qirg‘iziston hukumati O‘zbekistondan sement importiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashni so‘ragan

  • 10:23 / 24.05.2020
  • 509

Qirg‘iziston hukumati O‘zbekistondan sement importiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashni so‘ragan.
Bu haqda joriy yil 23-may kuni Qirg‘iz hukumatining rasmiy saytida ma’lum qilindi. 

Unga ko‘ra, Qirg‘iziston Hukumatining rahbari Muxammedkali Abilgaziyev va Bosh vazir Abdulla Aripov o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tgan.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilingan. Xususan, respublikalarda koronavirus infeksiyasi holati, uning tarqalishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, shuningdek, Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.

Bundan tashqari, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Muxammedkali Abilgaziyev tomonidan 2020-yil 1-maydan 31-dekabrgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston hukumati tomonidan kiritilgan sement importiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash imkoniyatini ko‘rib chiqish to‘g‘risida iltimos qilingan.

“O‘z navbatida, qirg‘iz tomonining iltimosini inobatga olgan holda, 2020-yil 22-mayda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov O‘zbekiston Respublikasi hukumatining 2020-yil 23-maydan boshlab sement mahsulotlarini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishni tiklash to‘g‘risida qaroriga imzo chekdi”, deyiladi Qirg‘iz hukumatining rasmiy saytida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2020-yil 1-maydan boshlab import bo‘yicha sement mahsulotini olib kirish 2020-yil 31-dekabrgacha bo‘lgan davrda vaqtinchalik to‘xtatilgan va bu cheklov 2020-yil 23-maydan e’tiboran bekor qilingan edi.