Qishki kiyimlarni yangi mavsumgacha qanday saqlash kerak?

  • 17:29 / 22.07.2021
  • 91

Yozni kutib olganimizga ham ancha boʻldi. Ammo hali ham qishki, qalin kiyimlarini qayerga qoʻyishni bilmay yurganlar yoki notoʻgʻri saqlab kelayotganlar bor. Quyida ularga asqatadigan tavsiyalarimizni taqdim etamiz.

Yungli kiyimlar
Tabiiy yungdan tayyorlangan ogʻir kiyimlarni ilgichlarda qoldirmagan maqul. Bu ularning choʻzilishi va shakli buzilishiga olib kelishi mumkin. Saqlash uchun eng yaxshi joylar – gʻaladonlar, qutilardir. Juda yengil yungdan toʻqilgan kiyimlarni esa ilgichda ildirib qoʻysangiz boʻladi.
Yungli kiyimni uzoq vaqtga saqlab qoʻyishdan oldin uni yuving. Aks holda, arzimas dogʻ ham bir necha oydan keyin oʻchmaydigan boʻlib qolishi mumkin. Kiyim esa hidlanadi va undan xalos boʻlish imkonsiz boʻladi. 
Yungli kiyimning nafas olishiga sharoit yarating. Tekstil quti yoki teshiklari boʻlgan plastik quti tanlang. Shuningdek, kiyimlaringiz namlik kam boʻlgan joyda tursin. 

Kurtkalar
Ustki kiyimlar ham saqlashdan oldin yuvilishga muhtoj. Eng oson usuli – kimyoviy tozalash joylariga topshirishdir, u yerda barcha talablarga rioya ailgan holda kiyimingizni epaqaga keltirishadi. Albatta, uy sharoitida ham kurtkalarni yuvish mumkin, faqat yorligʻidagi belgilarni oʻqiy olsangiz bas.
Kurtkani maxsus gʻiloflar yoki kundalik vakuum paketlarda saqlash lozim. Agar bunday saqlash vositalaringiz boʻlmasa, kiyimni teskari qilib buklaysiz hamda matoli xaltaga yoki havo oʻtadigan qutiga joylaysiz.

Palto
Paltoni saqlash ancha boshqacharoq: uni faqat ilgichlarda va osilib turgan holatda saqlashingiz mumkin, aks holda u shaklini yoʻqotadi. Bundan tashqari, polietilen paketlar hamda germetik konteynerlardan voz keching, buning oʻrniga tabiiy matodan qilingan, havo oʻtkazuvchi va namlik, changdan saqlovchi gʻiloflarni tanlang.

Moʻyna va hayvon terisidan kiyimlar
Moʻynali va hayvon terisidan tayyorlangan kiyimlar saqlash borasida eng “injiq” kiyimlardir. Eng avval ularni kirlardan tozalang. Yoʻqsa, kir, chang va hidlar kuzgacha teri yoki moʻynaga ta’sirini oʻtkazadi. Bu esa kiyimning tashqi koʻrinishini buzadi.
Shundan soʻng, kiyimni quyosh nurlari tushmaydigan salqin joyda quritish lozim. Keyin esa moʻynani yaxshilab silkitasiz. Oxirida kiyimni ustki kiyimlar uchun maxsus, mato boʻlmagan gʻilofga joylashtirasiz. Bu holatda gʻilof moʻyna hamda terini chang, hasharotlar, namlik, hidlardan muhofaza qiladi.

Poyabzal
Poyabzalni saqlashdan oldin yaxshilab yuving va quriting. Zarur holatlarda limon suvi yoki boshqa vositlar bilan yoqimsiz hidini yoʻqoting. Bu borada internetdan yuzlab tavsiyalar topishingiz mumkin.
Poyabzal ichiga gazeta qogʻozlarini joylang – ular shaklni ushlashga yordam beradi. Kiyim singari, tabiiy matodan tayyorlangan poyabzal ham quruq, quyosh nuri tushmaydigan joyda saqlanadi.