Qonunlarimiz majburiy emlashga yo‘l bermaydi – Nuridinjon Ismoilov

  • 22:11 / 17.07.2021
  • 148

Qonunchilik palatasi Spikeri Nuridinjon Ismoilov 16-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda ayrim deputatlarning emlash tadbirlarini “majburiy tartibda” amalga oshirish zarurligi haqidagi fikrlariga munosabat bildirdi.

“Avvalo, ushbu masala, ya’ni aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi “majburiy emlash”ni joriy qilish, yalpi yig‘ilish kun tartibiga qo‘yilmagan. Aksincha, emlash ishlarini tashkiliy jihatdan to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yish, bu borada fuqarolarimizning xavfsizligini kengroq ta’minlash birinchi galdagi vazifa ekanligidan kelib chiqib, vaksinatsiya ishlarini muhokama qilish, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqish maqsad qilib olingan”, – dedi Quyi palata Spikeri.

N.Ismoilovning ta’kidlashicha, ayni paytda mamlakatda amalda bo‘lgan “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunda fuqaroning o‘z ixtiyori bilan rozilik berishi tibbiy aralashuvning dastlabki zarur sharti ekanligi belgilab qo‘yilmagan. Shuningdek, fuqaro va uning qonuniy vakili tibbiy aralashuvni rad etish yoki uning to‘xtatilishini talab qilish huquqiga ega degan talab qat’iy mustahkamlab qo‘yilgan. 

“Huddi shu kabi normalar boshqa bir qator qonunlarda ham mavjudligi emlash tadbirlarini majburiy tarzda amalga oshirish mumkin emasligini ko‘rsatadi. Ya’ni, emlash tadbirlarini majburiy amalga oshirish uchun avvalo, bir qator huquqiy hujjatlarga belgilangan tartibda o‘zgartish yoki qo‘shimchalar kiritish talab etiladi”, – dedi Nuridinjon Ismoilov.