“Qo‘qon superfosfat zavodi” AJ modernizatsiyasi uchun 67 million dollarlik investitsiya kiritiladi

  • 15:45 / 10.02.2020
  • 388

Singapurning savdo va sanoat bo‘yicha katta davlat vaziri Kun Ko Po boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida sohaga oid masalalar yuzasidan o‘tkazilgan muzokaralarda qatnashdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmatiga ko‘ra, tadbirda Singapur Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Zulfiqli Baxaruddin hamda O‘zbekiston tomonidan “O‘zkimyosanoat” AJ rahbariyati a’zolari ham ishtirok etdilar. 

Tomonlar Singapur kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni hamda hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Xususan, hozirgi paytda “Indorama” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Qo‘qon superfosfat zavodi” AJ ni yanada modernizatsiya qilish va mavjud quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha loyihani amalga oshirilishi davom ettirilmoqda. Singapur kompaniyasining investisiyaviy majburiyatlari 67,0 mln. dollarni tashkil etadi. Birinchi bosqichda superfosfat ishlab chiqarish quvvatlarini 350 ming tonnaga yetkazish, ikkinchi bosqichda – zavod tomonidan o‘g‘itlarning yangi turlarini ishlab chiqarish konsepsiyasini tayyorlash rejalashtirilgan.

Shuningdek “Indorama” kompaniyasi paxtachilik-to‘qimachilik sohasiga faol investisiyalar yo‘naltirmoqda va boshqa istiqbolli loyihalarda ishtirok etish masalalarini ishlab chiqmoqda. 
Singapur tomoni Singapur xususiy biznesining quyosh elektrstansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalarda ishtirok etishdan manfaatdorligini ta’kidladi. 

Muzokaralar davomida tomonlar o‘rtasida energetika va kimyo tarmog‘idagi istiqbolli loyihalarni, xususiylashtirish obyektlarini o‘rganish, shuningdek O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan mahsulotlarni, shu jumladan, Singapur tajribasidan foydalangan holda, tashqi bozorda sotish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.