“Qorako‘l maktabi” asoschisi To‘xtamurod Jumayev vafot etdi 

  • 16:52 / 14.07.2021
  • 360

Qariyb 60 yil davomida mohir o‘qituvchi va tajribali rahbar sifatida ta’lim tizimida samarali mehnat qilib, mamlakatning ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shgan “Qorako‘l maktabi” asoschisi To‘xtamurod Jumayev vafot etdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi ma’lum qildi.

To‘xtamurod Jumayev Respublikada alohida o‘ringa ega bo‘lgan Buxoro viloyatidagi xalqaro matematika faniga ixtisoslashtirilgan “Qorako‘l maktabi” asoschisi sifatida ta’lim muassasini jahonga tanitdi.

Hozirga qadar litseyning 3 114 nafar bitiruvchisi, respublika oliy o‘quv yurtlarida, 56 nafari esa xorijiy davlatlar universitetlarida tahsil olgan. Litseyning o‘quvchilari so‘ngi yillarda jahon va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni egallab O‘zbekiston nomini dunyoga tanitmoqdalar. 

“O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi”, “El-yurt hurmati” ordeni va “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi To‘xtamurod Jumayev murabbiy-metodist sifatida “O‘quvchilar bilimidagi bo‘shliqlarni aniqlash va ularni bartaraf etish usullari”, “Zamonaviy darsni tashkil etish yo‘llari”, “Maktabda ichki nazoratni tashkil qilish” singari 7 ta metodik qo‘llanmasi chop ettirgan.

Xabardor.uz tahririyati To‘xtamurod Jumayevning yaqinlariga va oila a’zolariga chuqur hamdardlik izhor qiladi.