Ziyoratgohda tepalikdan tushib ketgan fuqaro voqeasiga oydinlik kiritildi

  • 10:09 / 13.04.2021
  • 186

Ziyoratgoh mas’ulining taxminiga ko‘ra, u tepalikdagi tosh ustida sakrab selfi tushmoqchi bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi “Shayx Jalil bobo” ziyoratgohida bir fuqaroning tepalikdan tushib ketgani aks etgan videolavha tarqaldi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holat 2021-yilning 11-aprel kuni sodir bo‘lgan. 

Amudaryo tumani tez-tibbiy yordam dispetcheri Gʻulomjon Bobotayevning guvohlik berishicha, 11-aprel kuni soat 13:10 larda ziyoratgoh hududiga chaquruv bo‘lgan. Tibbiy yordam brigadasi 13:45 da yetib borgan va bemor, ya’ni tog‘dan yiqilib tushgan 2002-yilda tug‘ilgan V.I.,ga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan. 

Aniqlanishicha, yigit Xorazm viloyatidan tashrif buyurgan ziyoratchi bo‘lgan va u shifokorlarga shifoxonaga bormasligini va hamrohlari bilan birgalikda ketishini, o‘zlarining hududiy shifoxonasiga ketishini aytgan. 

Ziyoratgohi mas’uli Maxsutboy Yakubovning voqea guvohlarining ko‘rsatmalariga tayanib ma’lum qilishicha, yigit yiqilgan tosh ustida, avvalroq bir guruh yigitlar sakraganicha suratga tushayotgan bo‘lgan. 

–  Yiqilgan yigit ham ana shunday harakatlari va ehtiyotsizlik oqibatida yiqilgan bo‘lishi ham mumkin, - deydi ziyoratgoh mas’uli.

“Xalq so‘zi”ning yozishicha, bundan 4 kun oldin ham yosh qiz shu tog‘ga chiqish va tushishda ehtiyotsizligi oqibatida jarohat olgan. Uni ziyoratgoh mas’uli Amudaryo tumani shifoxonasiga olib borgan va unga ham tibbiy yordam ko‘rsatilgan.