Qoraqalpog‘istonda 2 nafar brakonyer hayvonot dunyosiga jami $13 ming miqdorida ziyon yetkazdi

  • 10:36 / 28.05.2021
  • 91

Qoraqalpog‘istonda “Qizil kitobi”ga kiritilgan 11 bosh jayron ovlagan fuqarolar ushlandi.

Mazkur jayronlarni Ustyurt tekisligidan noqonuniy ravishda ovlaganlar Qo‘ng‘irot tumani “Jasliq” shaharcha fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi T.B. va B.R. ekanligi aniqlangan va ulardan 11 juft shox ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur shaxslar, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar qonuniy harakatlariga to‘chqinlik ham qilishgan. Jumladan, fuqarolar B.R. va T.R. lar o‘zlariga tegishli bo‘lgan “Ural” rusumli 2 dona motosiklni yoqib yuborib, inspektorlarga tegishli bo‘lgan 4 dona qo‘l telefonini tortib olishgan. 

Bundan tashqari “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘iga tegishli bo‘lgan “Niva” rusumli xizmat avtomashinasining balonlarini teshib, ularning harakatlanishiga to‘sqinlik qilib, hodisa joyini yashirishga uringan.

Mazkur shaxslar hayvonot dunyosiga jami 134 mln.750 ming so‘m miqdorida ziyon yetkazishgan.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tergov-surishtiruv ishlarni olib borish uchun Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga o‘tkazildi.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqarolar B.R. va T.R. lar O‘zRJPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.