Qoraqalpog‘istonda profilaktika inspektoriga 2 mln. so‘m pora taklif qilgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

  • 16:15 / 01.08.2021
  • 126

Qoraqalpog‘istonda profilaktika inspektoriga pora taklif qilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar qildi.

Xabarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi tayanch punktlarining profilaktika inspektori kapitan Q.Ernazarovga Qo‘ng‘irot tumanida yashovchi fuqaro K.A sodir etgan huquqbuzarligi bo‘yicha o‘ziga nisbatan to‘planayotgan hujjatlarni sudga yubormasdan bosdi-bosdi qilish evaziga 2 million so‘m pullarni pora tariqasida taklif qilgan.

Ushbu holat yuzasidan profilaktika inspektori kapitan Q.Ernazarov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga bildirgi bilan murojaat qilgan.

Bildirgiga asosan 28-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha bo‘limi, Qo‘ng‘irot tumani maxsus prokuraturasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasining Qo‘ng‘irot tumani bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, profilaktika inspektori kapitan Q.Ernazarovning xizmat xonasida fuqaro K.A. pora tariqasida taklif qilgan 2 million so‘m pullarning 1 mln. 250 ming so‘m pullarini bergan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi vaqtda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.