Qoraqalpog‘istonda tuproq bosib qolishi oqibatida vafot etgan 3 fuqaro o‘g‘irlikka kelgandi(mi)

  • 17:13 / 10.06.2021
  • 268

Suv quvurini qazib olayotgan 4 fuqaroning 3 nafari maktab o‘quvchilari bo‘lgan.

Avvalroq, Qoraqalpog‘istonda suv quvurini qazib olayotgan 4 fuqaroni tuproq bosib qolgani va ulardan 3 nafari voqea joyida vafot etgani haqda xabar bergan edik.

Mazkur holat yuzasidan “O‘zsuvta’minot” axborot xizmati qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinganidek, voqea kecha, 9-iyun kuni soat 05:30larda ro‘y bergan.
Mazkur holat yuzasidan Qo‘ng‘irot tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan. Ma’lum bo‘lishicha ushbu fuqarolarning 3 nafari maktab o‘quvchilari bo‘lgan.

Ular shu kuni tonggi soat 4:00–4:30 atrofida diametri 300 mm bo‘lgan cho‘yan quvurni noqonuniy tarzda sindirib olib ketmoqchi bo‘lgan, ammo yog‘ingarchilik tufayli yumshab qolgan tuproq ostida qolishgan. 

3 kishi voqea joyida vafot etgan bo‘lsa, bir kishi qochib ketgan va keyinchalik huquq-tartibot xodimlari tomonidan ushlanib, shifoxonaga yotqizilgan. 

Qayd etilishicha, hozirda holat bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.