Qoraqalpog‘istonda YPX xodimi fuqaroni nega “quvlab urgan”iga izoh berildi

  • 16:34 / 20.04.2021
  • 89

IIV YHXBB ijtimoiy tarmoqlarda “Qoraqalpog‘istonda YPX xodimi fuqaroni quvlab urdi” sarlavhasi ostida tarqalgan videolavha yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 18-aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani hududidagi dehqon bozori atrofida xizmat olib borayotgan YPX xodimi A.Allamberganovning yoniga mast holdagi fuqaro kelib, xodimga nisbatan turli harakatlar bilan xizmat faoliyatiga xalaqit bergan. Xodim fuqaroga mast holda ekanligini, yashash uyiga borishi zarurligini ta’kidlashiga qaramasdan, turli so‘zlar bilan xodimga xalaqit berishda davom etgan.

Shundan so‘ng YPX xodimi va fuqaro o‘rtasida nizoli holat yuzaga kelgan. YPX xodimi fuqaroni tibbiy ko‘rikdan o‘tishga taklif qilgan va tibbiy ko‘rik xulosasiga ko‘ra, mastlik holati tasdiqlangan. 

YPX xodimi tuman IIB boshlig‘i nomiga bildirgi orqali murojaat qilib, bo‘lib o‘tgan holatni batafsil bayon qilgan va tegishli tartibda ko‘rib chiqilishini so‘ragan. 

Mazkur holat yuzasidan Qo‘ng‘irot tumani IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.