Qoraqalpog‘istonda pora olmagan ichki ishlar xodimi taqdirlandi 

  • 11:49 / 23.05.2021
  • 350

Qoraqalpog‘iston IIV huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituvida bo‘lgan fuqaro S.X.ga nisbatan JKning 276-moddasi 2-qismi “a” bandi (giyohvandlik vositasini saqlash) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha, fuqaro S.X. podpolkovnik A.Utemuratovga bir necha marotaba, o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini sudga yubormaslik evaziga 5 000  AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgan.

Podpolkovnik A.Utemuratov Qoraqalpog‘iston IIV rahbariyatiga bildirgi bilan murojaat qilib, o‘z bildirgisida, fuqaro S.X.ga pora berish jinoyat ekanligi, jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida bir nechta marta tushuntirib, ogohlantirishiga qaramasdan, pora taklif qilib kelayotganligini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Ushbu bildirgiga asosan, o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro S.X. taklif qilgan 5 000 AQSh dollari pullarni podpolkovnik A.Utemuratovga bergan vaqtida, tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olinib, ashyoviy dalillar tegishli tartibda hujjatlashtirilib olingan hamda Bosh Prokuratura tomonidan fuqaro S.X.ga nisbatan, JKning 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan.

Joriy yilning 22-may kuni, Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vaziri polkovnik A.Temirxanov tomonidan kasbiga sodiq bo‘lib, taklif qilgan porani olmagan podpolkovnik A.Utemuratovga pul mukofoti uning yaqin qarindoshiga vazirlik rahbariyatining tashakkurnomasi va qimmat baho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.