Qozog‘iston sayg‘oqlari O‘zbekistonga ko‘chib o‘tdi

  • 16:15 / 05.06.2020
  • 1157

Qozog‘iston biologik xilma-xillikni saqlash assotsiatsiyasi va Qozog‘iston chegara xizmati sayg‘oqlarning Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi maxsus chegara punktlaridan kesib o‘tgani haqida ma’lum qildi. Sayg‘oqlar to‘dasi O‘zbekiston hududiga mansub Ustyurt  platosiga ko‘chib o‘tgan. Ikki davlat chegarasidagi 7 punktda sayg‘oq izlari aniqlangan.  Qozog‘iston biologik xilma-xillikni saqlash assotsiatsiyasi 2012-yildan beri  O‘rmon va yovvoyi tabiat qo‘mitasi  hamda chegara xizmatlari bilan Ustyurt sayg‘oqlarining ko‘chib kelishiga sharoit yaratish bo‘yicha hamkorlik qilib kelishi aytiladi, tashkilotning “Facebook”dagi sahifasida.  Shu maqsadda 2015-yilda assotsiatsiya taklifiga binoan chegara hududlaridagi sim-to‘rlar qisman olib tashlangan. Aytilishicha, so‘nggi besh yilda birinchi marta sayg‘oqlar O‘zbekiston tarkibiga kiradigan Ustyurt platosi tomonga harakatlangan. 
Ma’lumot o‘rnida atish mumkinki, sayg‘oq mayda antilopa bo‘lib, jussasi qo‘ylar va antilopalar oralig‘idagi kattalikda bo‘ladi.  Asosan O‘rta Osiyo mintaqasida, shuningdek,  Qalmog‘iston, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston va Sharqiy Yevropada, Rossiyaning quyi Volga cho‘llarida yashaydi. Sayg‘oq ilgari Tyan-shan tizmalaridan Alyaskagacha bo‘lgan hududlarda yashagan, ammo keskin kamayish oqibatida Osiyoning markazidagina saqlanib qolgan. Ammo bu hududda ham o‘tgan chorak asr mobaynida ular 90 foizga kamayib ketgan. Sayg‘oqlar mintaqada yashaydigan yagona antilopa sifatida O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga hamda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining ro‘yxatiga kiritilgan.