Radar va kameralar o‘rnatish joylari savdoga chiqarilishi boshlandi

  • 10:12 / 09.06.2021
  • 398

Radar va kameralar o‘rnatish joylarining oldi-sotdi jarayonlari elektron onlayn-auksionlar orqali amalga oshadi. 

Qayd etish joizki, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida radar va kameralar o‘rnatish joylari “E-auksion” savdo maydonchasi orqali sotilishi belgilangan. 

Ushbu qarorga asosan onlayn-auksionlar Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi va IIV tomonidan tasdiqlangan reglament asosida tashkil etiladi.

Obyekt onlayn-auksionda g‘olib bo‘lgan tadbirkorga mulk huquqi asosida cheklanmagan muddatga, boshqa tadbirkorlarga o‘tkazish huquqi bilan biriktiriladi. 

Lotning joy dislokatsiyasi, hududdagi transport oqimi va oxirgi 2 yilda aniqlangan qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiq e’lon qilinadi.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda Xorazm viloyati, Bog‘ot tumanida radar va kameralar o‘rnatish huquqi savdoga chiqarildi. Ushbu lotda 4ta intellektual videokamera va 2ta statsionar radar o‘rnatilishi belgilangan.

Shuningdek, Xorazm viloyati, Xiva shahrida ham radar va kameralar o‘rnatish huquqi savdoga chiqarildi. Ushbu lotda 4ta intellektual videokamera va 1ta statsionar radar o‘rnatilishi belgilangan. 

Bundan tashqari, Namangan viloyati, Kosonsoy tumanida radar va kameralar o‘rnatish huquqi savdoga chiqarildi. Ushbu lotda 1ta intellektual videokamera va 1ta statsionar radar o‘rnatilishi belgilangan.