Rajab Tayip Erdogʻan Oʻzbekistonga keladi

  • 12:18 / 29.06.2021
  • 361

Ayni kunlarda Oʻzbekistonda boʻlib turgan Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay mamlakat prezidenti Rajab Tayip Erdogʻanning joriy yil oxirigacha Oʻzbekistonga tashrif buyurishini maʼlum qildi.

Siyosatchining aytishicha, ushbu masala 28-iyun kuni Toshkentda ham muhokama qilingan.

Shuningdek, Turkiya va Oʻzbekiston savdo aylanmasini yiliga $10 milliardga yetkazmoqchi. Ushbu maqsadga kelgusi yillar ichida erishish koʻzlangan.

Toshkent shahrida oʻtkazilgan hukumatlararo komissiya yigʻilishida soʻzga chiqqan Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay Erdogʻanning Toshkentga tashrif buyurish rejasi haqida maʼlum qilib, kelgusidagi istiqbolli rejalar haqida ham gapirdi.

“Joriy yilning oxiriga qadar savdo aylanmasi koʻrsatkichi $4 milliard, 2023-yilga kelib esa $5 milliardga yetadi”, dedi Oktay.
Uning aytishicha, Toshkent tashrifi yakunlari boʻyicha 58 ta boʻlimdan iborat boʻlgan harakatlar rejasi kelishuviga erishilgan, u turkiy tilda soʻzlashuvchi ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishni nazarda tutadi.

“Muloqotning muhim jihatlaridan biri – Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi imtiyozli savdo kelishuvining imzolangani boʻldi. Anqara Toshkentni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor. Bizning hamkorligimiz oʻzaro hurmat va manfaat tamoyillariga asoslangan. 2021-yil turk-oʻzbek aloqalarining rivojlanishi yili boʻlishiga ishonchim komil”, dedi Turkiya vitse-prezidenti.